Oy: Fevral 2021

MAMLAKATIMIZ OʻQUVCHILARI PIRLS – 2021 XALQARO BAHOLASH DASTURIDA ISHTIROK ETADI

2021-yilda oʻtkaziladigan PIRLS xalqaro baholash dasturida 70 ga yaqin davlatlar qatorida mamlakatimizdagi 4-sinf oʻquvchilari ham ilk marotaba ishtirok etadi.

Tadqiqotlar 2001, 2006, 2011, 2016-yillarda oʻtkazilgan boʻlib, 2021-yil tadqiqotning beshinchi davriyligi hisoblanadi. Har besh yilda oʻtkaziladigan PIRLS dasturi 4-sinf oʻquvchilarining oʻqib tushunish koʻnikmasini xalqaro darajada baholaydi.

Mazkur dastur 4-sinf oʻquvchilarining matematika va tabiiy fanlardan bilim darajasini baholaydigan TIMSS dasturini toʻldirishga yoʻnaltirilgan boʻlib, Boston kollejidagi TIMSS va PIRLS xalqaro markazi, IEA tashkilotining Gamburg va Amsterdam shaharlaridagi idoralari bilan yaqindan hamkorlikda boshqariladi.

Oʻquvchilarning erishgan yutuqlarini baholash barcha oʻquvchilardan emas, balki ushbu qatlam vakillari sifatida tanlab olingan oʻquvchilardan obyektiv testlarni oʻtkazish orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, maktab direktorlari, oʻqituvchilar, oʻquvchilar, hattoki ota-onalardan soʻrovnomalar oʻtkazilib, taʼlim sifatiga taʼsir etuvchi omillarga doir qimmatli maʼlumotlar toʻplanadi.

PIRLS xalqaro tadqiqoti boshlangʻich sinf oʻquvchilarining oʻqib tushunish koʻnikmalarini qay darajada rivojlanganligi haqidagi maʼlumotlarni xalqaro miqyosda taqqoslash imkonini beradigan, oʻqish va oʻqitishni yaxshilashda taʼlim sohasidagi davlat siyosatiga xizmat qilishi mumkin boʻlgan tahlillarni taqdim etadigan yirik xalqaro baholash dasturi hisoblanadi.

Hozirgi vaqtda PIRLS taʼrifiga koʻra, oʻqish savodxonligi jamiyat tomonidan talab qilinadigan va inson tomonidan qadrlanadigan yozma til shakllarini tushunish va ulardan foydalanish, shuningdek, matnlardan turli shakllarda maʼno hosil qila olish qobiliyati hamdir.

Tadqiqot doirasida asosiy eʼtibor tushunishni namoyon qilishdan oʻzlashtirilgan maʼlumotlarni qanday qilib yangi loyihalar va vaziyatlarda qoʻllay olish qobiliyatlarini namoyon qilishga qaratilmoqda.

Oʻquvchi bu jarayonning faol qatnashuvchisi boʻlib, maʼno yaratadi, matn ustida mushohada yuritadi va samarali oʻqish strategiyalarini ongli ravishda tanlab qoʻllaydi. Har bir matn turi odatiy shakl va qoidalarga amal qilgan holda oʻquvchiga matnni sharhlashga yordam beradi. Har qanday matn turli shaklga ega boʻlishi mumkin. Bular anʼanaviy kitoblar, jurnallar, hujjatlar va gazetalar, shuningdek, raqamli koʻrinishdagi yozma shakllarni ham oʻz ichiga oladi.

PIRLS boshlangʻich sinf oʻquvchilarining sinf va sinfdan tashqari oʻqishini baholashda ikkita keng qamrovli maqsadga, yaʼni “badiiy tajriba orttirish”, “axborotni olish va undan foydalanish”ga qaratiladi. Oʻz navbatida, ushbu maqsadlarning har biri toʻrtta keng tushunish jarayonini birlashtiradi. Bular:

diqqatni jamlash va aniq koʻrsatilgan maʼlumotlarni topish;

toʻgʻridan-toʻgʻri xulosalar chiqarish;

kontent va matn elementlarini baholash va tanqid qilish;

gʻoyalar va axborotni talqin qilish va uygʻunlashtirish.

Tadqiqotdagi matnlar murakkabligiga koʻra, oʻrtacha 500 dan 800 tagacha, oʻquvchilarning oʻqish savodxonligi darajasi past boʻlgan mamlakatlar uchun 400–500 ta, ePIRLSda esa, taxminan 1000 ta soʻzdan iborat boʻladi.

Matnning mazmuni 9-10 yoshdagi oʻquvchilarga mos, ayrim madaniyatlarga juda xos boʻlgan mavzulardan chetlashgan, shuningdek, qiziqarli hamda oʻquvchiga unchalik tanish boʻlmaydi.

PIRLS tadqiqotida oʻqish savodxonligining darajalari quyidagicha tavsiflanadi:

Eng yuqori daraja (625 ball va undan yuqori) – Oʻquvchilar matnni yaxlit oʻzlashtira oladi va ayni paytda uning alohida qismlarini bir-biri bilan bogʻliq holda tushunadi. Muallifning gʻoyasini izohlashda oʻz fikrini asoslash uchun matnga tayana oladi.

Yuqori daraja (550 ball) – Oʻquvchilar matnning ahamiyatli xabarlarini tushunadi, matnga asoslanib oʻz xulosalarini chiqaradi, matn mazmuniga ham, shakliga ham baho bera oladi, uning ayrim til xususiyatlariga eʼtibor qarata oladi.

Oʻrta daraja (475 ball) – Oʻquvchilar matndan axborot topa oladi, matn shakli va tilining baʼzi xususiyatlaridan foydalanib, matnga asosan oʻz xulosalarini chiqaradi.

Quyi daraja (400 ball) – Oʻquvchilar matnda aniq berilgan va cheklash oson boʻlgan xabarni ajratib oladi.

Tadqiqotda Oʻzbekistonning boshlangʻich sinf bitiruvchilari boshqa davlatlardagi tengdoshlariga nisbatan qanchalik darajada yaxshi oʻqiydi? Oʻzbekiston oʻquvchilarining oʻqish savodxonligi qay darajada? Oʻqish 4-sinf oʻquvchilari uchun sevimli mashgʻulotmi? Oila tomonidan savodxonlikni rivojlantirishga qanday hissa qoʻshilmoqda? Bugungi kunda bizning mamlakatimizda oʻqishni oʻrgatish jarayoni qanday tashkil etilgan? Oʻzbekiston oʻqishni oʻrgatish jarayonining boshqa davlatlarga nisbatan oʻziga xosligi bormi, agar shunday boʻlsa u nimada namoyon boʻladi? Boshlangʻich sinflarimizning oʻqituvchilari foydalanayotgan metodlar boshqa mamlakat oʻqituvchilari foydalanayotgan metodlardan farq qiladimi? kabi asosiy masalalar oʻrganiladi.

Shuningdek, tadqiqotda taʼlim sifatiga taʼsir etuvchi omillarni oʻrganish va tahlil qilish maqsadida anketa soʻrovnomalari ham oʻtkaziladi. Jumladan, oʻquvchilar soʻrovnomasi orqali ishtirokchi haqida maʼlumotlar, oiladagi taʼlimiy resurslar, maktabga, oʻqituvchiga, oʻquv faniga munosabat, oʻquvchilar oʻrtasidagi munosabat, oʻquv fanlari boʻyicha oʻzini baholash, sinfdan tashqari mashgʻulotlar toʻgʻrisida maʼlumotlar toʻplanadi.

Oʻqituvchilar soʻrovnomasi oʻqituvchilar haqidagi maʼlumotlar, maktabning jihozlanishi, xavfsizlik, maktab muhiti, oʻqitish usuli, malaka oshirish masalalarini oʻz ichiga oladi.

Ota-onalar soʻrovnomasida ota-onalar haqidagi maʼlumotlar, oiladagi taʼlimiy resurslar, farzandini maktabga tayyorlash, maktabga qabul qilinishidan avvalgi koʻnikma va malakalari, ota-onalarning maktabga va oʻqishga munosabati oʻrganiladi.

Maktab maʼmuriyati soʻrovnomasi orqali maktab quvvati, joylashuvi, jihozlanishi, taʼlimiy resurslar, maktabda oʻquv jarayonining tashkil etilishi, maktab muhiti oʻrganilib, tahlil etiladi.

Tadqiqotning 2016-yil natijalariga koʻra, 50 ta mamlakat ichida, Rossiya, Singapur, Gonkong, Irlandiya va Finlyandiya mamlakatlari yuqori natijalarni qayd etgan boʻlsa, shular orasida rossiyalik va singapurlik oʻquvchilar matnni oʻqish va tushunish boʻyicha eng yuqori natijalarni koʻrsatdi. Shuningdek, Rossiyaning boshlangʻich sinf oʻquvchilari ushbu mezon boʻyicha dunyoda yetakchilik qildi.

Mazkur davlatlarda oʻqish savodxonligi boʻyicha yuqori natijalar quyidagi omillar bilan bogʻliq: uydagi kitoblar va raqamli qurilmalarning mavjudligi, ziyoli ota-onalar va ularning kitobga boʻlgan muhabbati, bola maktabga borgunga qadar oʻqish-yozishni oʻrganganligi hamda maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olish koʻrsatkichining yuqoriligi.

PIRLS tadqiqotida Oʻzbekiston Respublikasining ishtirok etishi taʼlim sifatini oshirish, xalqaro miqyosda mamlakat nufuzini mustahkamlash bilan birga, oʻquvchilar bilimini xalqaro talablar darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi.

TAYYORLANAYOTGAN VIDEODARSLARDA PISA TOPSHIRIQLARI HAM OʻRIN OLGAN

Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmonida mamlakatimiz 2030-yilga kelib PISA (The Programme for International Student Assessment) xalqaro baholash dasturining reytingi boʻyicha jahonning birinchi 30 ta ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishishi ustuvor vazifa etib belgilangan. Shu boisdan ham xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Bu borada oʻqituvchilar malakasi hamda oʻquvchilarning funksional savodxonligini oshirish, ularning PISA xalqaro baholash dasturi doirasidagi topshiriqlarning turlari, mazmun-mohiyatini bajarish usullari bilan tanishtirish hamda dars jarayoniga integratsiya qilish muhim ahamiyatga ega.

Bugungi kunda Xalq taʼlimi vazirligi va milliy teleradiokompaniya tarkibidagi telekanallar hamkorligida videodarslar suratga olinmoqda.

7-8-sinflar uchun algebra, geometriya, fizika, kimyo, biologiya, geografiya fanlari yuzasidan tayyorlanayotgan videodarslarning barchasida oʻquvchilar savodxonligini oshirish, berilgan topshiriqlarni yechish orqali ularning kreativ, mantiqiy, tanqidiy fikrlashi va hayotiy muammolarni hal qilish koʻnikmalarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan PISA topshiriqlari ham oʻrin olgan.

Bunday videodarslar nafaqat oʻquvchilar savodxonligini oshiradi, balki oʻqituvchilar mahoratini hamda xalqaro baholash dasturlari yuzasidan tasavvurini oshishiga ham xizmat qiladi.

Xalq taʼlimi vazirligi va milliy teleradiokompaniya tarkibidagi telekanallar hamkorlikda suratga olayotgan videodarslarni kuzatib boring.

Yaqin kunlar ichida videodarslar “Oilaviy”, “Madaniyat va maʼrifat”, “Dunyo boʻylab” va “Yoshlar” telekanallarida hamda Xalq taʼlimi vazirligi rasmiy sayti (www.uzedu.uz) va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida (@uzedu) namoyish etiladi.

O‘quvchilarning maktabda olgan baholari OTMga kirish imtihonlarida inobatga olinadi

O‘quvchilarning maktabda olgan baholari OTMga kirish imtihonlarida inobatga olinadi

2020-yil 6-noyabr kuni “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-6108-son Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, 2020-2023-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining shahodatnomasi (diplom ilovasi) ga majburiy 11 yillik ta’limning so‘nggi 6 yillik baholari o‘rtacha ko‘rsatkichi kiritiladi va ushbu ko‘rsatkich oliy ta’lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olinadi.

Bunda, 2022-2023-o‘quv yiliga qadar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari bilan birgalikda o‘quvchilar bilimini baholash jarayonini raqamlashtirish va shaffofligini ta’minlash maqsadida barcha umumta’lim muassasalarida “Elektron kundalik” dasturi joriy etiladi.

Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining baholarini oliy ta’lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olish tartibi 2021-yil 1-iyunga qadar Davlat test markazi tomonidan Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqiladi va Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.